O‘tkir diareya kasalliklari va ularning profilaktikasi

Yilning issiq kunlarida aholi, ayniqsa bolalar orasida o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari tez – tez uchrab turadi. O‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga qorin tifi, paratiflar, salmonellyoz, ichburug‘, virusli gepatitning «A” turi, vabo va boshqa bir qator o‘tkir yuqumli kasalliklar kiradi.

Bu kasalliklarni tashqi muhitga ancha chidamli bo‘lgan bakteriyalar va viruslar qo‘zg‘atadi.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarida kasallik qo‘zg‘atuvchilarining manbai bemor va bakteriyatashuvchilar hisoblanadi. Ular qo‘zg‘atuvchilarni tashqi muhitga asosan o‘zlarining ahlatlari bilan chiqaradi va atrof muhitni shu kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari bilan ifloslantiradi.

Ichburug‘ kasalligi bilan og‘rigan bemorning 1 gr. ahlatida milliongacha, qorin tifi bilan og‘rigan bemorning 1gr. ahlatida 10 million donagacha kasallik tarqatuvchi bakteriyalar bo‘lishi mumkin.
Qo‘zg‘atuvchilarning barchasi tashqi muhitga chidamli bo‘ladi. Kasallikning yuqish omillariga suv va oziq – ovqat mahsulotlari kiradi.

O‘tkir ichak kasalliklarining yashirin davri
bir necha soatdan 21 kungacha davom etadi.

Aksariyat o‘tkir ichak kasalliklari bemorda
holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, ichning suyuq ketishi, tana haroratining
ko‘tarilishi kabi belgilar bilan kechadi.

Bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat
etmasa, bu kasalliklar o‘zidan talaygina asoratlar qoldirishi mumkin. Bularga
ichaklar faoliyatining buzilishi, ichakdagi yaralardan qon ketishi, ichak
devorlarining teshilishi, o‘tkir buyrak etishmovchiligi kabi asoratlar kiradi va
ba’zida bu asoratlar bemorning o‘limiga sabab bo‘lishi ham mumkin.

Bu kasalliklarning oldini olishda shaxsiy
gigienaning roli juda katta. O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarini «iflos qo‘l
kasalliklari” deb bejizga aytilmagan.

Ovqatlanishdan oldin xojatxonadan so‘ng
qo‘llarni sovunlab yuvish, tirnoqlarni o‘z vaqtida olish, qo‘llarni doimo pokiza
saqlash, oilada o‘z sochig‘idan, to‘y ma’rakalarda shaxsiy qo‘l ro‘molchadan foydalanish
– o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.

Dehqon bozorlarida, ko‘chalarda sifati
kafolatlanmagan, qo‘lda tayyorlangan salqin ichimliklar, sharbatlar, ayron va boshqa
ichimliklarni iste’mol qilish ham o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarni qayd etilishiga
sabab bo‘lishi mumkin.

Shuni aytib o‘tish joizki, salomatlikni asrash
10 – 15 foiz tibbiyot xodimlarining xizmatiga bog‘liq bo‘lsa, 60 foiz kundalik
sog‘lom turmush tarziga bog‘liqdir.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olishda tashqi muhitni, xususan
ochiq suv havzalarini ifloslanishini oldini olish, shaxsiy gigiena qoidalariga
puxta amal qilish, sifatli suv va oziq – ovqat maxsulotlarini is’temol qilish —
o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarning oldini olish garovidir, zero kasallikni
davolashdan ko‘ra uni oldini olish ming bor afzal!