AHOLINING SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIK OSOYISHTALIGI TO‘G‘RISIDA O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2015-yil 15-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2015-yil 6-avgustda ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi — aholi sog‘lig‘ining holati bo‘lib, bunda insonga yashash muhiti omillarining zararli ta’siri mavjud bo‘lmaydi va uning hayot faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar ta’minlanadi;

davlat sanitariya nazorati — aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlarining oldini olishga, ularni aniqlash va bartaraf etishga doir faoliyat;

insonning yashash muhiti — insonning hayot faoliyati shart-sharoitlarini belgilaydigan obyektlar, hodisalar va atrof-muhit omillari majmui;

sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar — yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo‘lishining hamda tarqalishining oldini olishga va ularni bartaraf etishga qaratilgan tashkiliy, ma’muriy, muhandislik-texnik, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari hamda boshqa chora-tadbirlar;

sanitariya-epidemiologik vaziyat — aholi yashayotgan muhitining va sog‘lig‘ining muayyan hududdagi, ko‘rsatilgan aniq vaqtdagi holati;

sanitariya-epidemiologiya xizmati — aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarini, orttirilgan immunitet tanqisligi sindromiga (OITSga) qarshi kurashish markazlarini, dezinfeksiya stansiyalarini, o‘lat, karantin va o‘ta xavfli infeksiyalarni profilaktika qilish markazlarini, ilmiy-tadqiqot muassasalarini o‘z ichiga olgan yagona tizim;

cheklovchi tadbirlar (karantin) — yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar;

yuqumli va parazitar kasalliklar — insonga u yashayotgan muhitning biologik omillari ta’sir ko‘rsatishi hamda kasallikka chalingan insondan yoki hayvondan sog‘lom insonga kasallik yuqishi mumkinligi sababli paydo bo‘ladigan va tarqaladigan inson kasalliklari.

2-bob. Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasini davlat tomonidan tartibga solish

4-modda. Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

sanitariya-gigiyena tadbirlarini va epidemiyaga qarshi tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

davlat tomonidan sanitariya-epidemiologiya normalarining joriy etilishi;

aholining sanitariya madaniyati darajasini oshirish;

davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish;

xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

5-modda. Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari

Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari davlat organlari hamda boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi shart bo‘lgan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi talablarni belgilaydigan hujjatlardir.

Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlanadi hamda, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi;

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va amalga oshiradi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda o‘z vakolatlari doirasida ishtirok etadi;

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tegishli hududiy bo‘linmalarining aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;

hududlarning sanitariya-epidemiologik holatini yaxshilashga va tozaligini saqlashga, aholining sanitariya madaniyati darajasini oshirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

8-modda. Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlar

Davlat sanitariya nazorati:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati respublika markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar hamda shaharlar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari tomonidan;

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Ichki ishlar vazirligining, Milliy xavfsizlik xizmatining, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining tegishli tarkibiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat sanitariya nazorati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa vazirliklar va idoralarning tegishli tarkibiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati respublika markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari ushbu moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisida hamda ikkinchi qismida ko‘rsatilgan tarkibiy bo‘linmalarning faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilinishini, bu faoliyat muvofiqlashtirib borilishini ta’minlaydi.

9-modda. Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar

Davlat sanitariya nazoratini tashkil etish va amalga oshirish:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar bosh davlat sanitariya vrachlarining, ular o‘rinbosarlarining;

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Ichki ishlar vazirligining, Milliy xavfsizlik xizmatining, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining tegishli tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa mansabdor shaxslarning zimmasiga yuklatiladi.

10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi:

sanitariya-epidemiologiya xizmatiga rahbarlik qiladi, davlat sanitariya nazoratining asosiy vazifalarini va uni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;

sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini tasdiqlaydi;

atrof-muhit omillarining inson organizmiga ta’sirini aniqlashga doir normativ-texnik hujjatlarni tasdiqlaydi;

Profilaktik emlashlarning milliy taqvimini va epidemik ko‘rsatkichlar bo‘yicha profilaktik emlashlar o‘tkazish tartibini tasdiqlaydi;

odamlarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan, aholining yashashi va xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadigan hududlarni belgilaydi;

yuqumli va parazitar kasalliklarning kirib kelishi hamda tarqalishidan hududlarni sanitariya jihatidan muhofaza qilishga doir tadbirlarni muvofiqlashtirib boradi;

atrofdagilar uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi xavfi bo‘lgan taqdirda tegishli sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazish to‘g‘risida qarorlar chiqaradi;

yangi oziq-ovqat qo‘shimchalarini, maxsus qo‘shiladigan biologik faol moddalarni, kimyoviy moddalarni, biologik vositalar va materiallarni, polimer va plastik massalarni, atir-upa va pardoz mahsulotlarini toksikologiya-gigiyena jihatidan baholash asosida ularning O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilishi va ishlab chiqarilishi uchun ruxsatnomalar beradi;

respublika va mahalliy epidemiya fondlaridan hamda sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar uchun ajratiladigan moddiy-texnika resurslaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalarining qarorlariga, shuningdek ularning mansabdor shaxslari harakatlariga (harakatsizligiga) doir shikoyatlarni ko‘rib chiqadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat sanitariya vrachlarini tayinlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya vrachi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

11-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar bosh davlat sanitariya vrachlarining vakolatlari

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar bosh davlat sanitariya vrachlari:

o‘z bo‘ysunuvidagi sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalariga rahbarlik qiladi;

obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari bo‘yicha xulosalar beradi;

odamlarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan, aholining yashashi va xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadigan hududlarni belgilaydi;

yuqumli va parazitar kasalliklarning kirib kelishi hamda tarqalishidan tegishli hududni sanitariya jihatidan muhofaza qilishga doir tadbirlarni o‘tkazadi;

avariya holatlarini hamda yuqumli va parazitar kasalliklar avj olishini bartaraf etish paytida sanitariya-gigiyena tadbirlarini va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshiradi, shu jumladan manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda amalga oshiradi;

qonun hujjatlarining yo‘l qo‘yilgan buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan davlat organlari va boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat sanitariya vrachlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi bilan kelishgan holda tumanlar va shaharlar bosh davlat sanitariya vrachlarini tayinlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar bosh davlat sanitariya vrachlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

12-modda. Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning huquqlari

Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarga o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlar beriladi:

a) sanitariya qoidalarining, normalarining va gigiyena normativlarining yo‘l qo‘yilgan buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan holda, davlat organlaridan va boshqa organlardan, yuridik va jismoniy shaxslardan ularning bartaraf etilishini talab qilish;

b) obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarida sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

v) belgilangan tartibda davlat organlariga va boshqa organlarga, yuridik va jismoniy shaxslarga:

aholi punktlarini rejalashtirish va qurish loyihalari hamda obyektlarni joylashtirish bo‘yicha istiqbol rejalari, shuningdek korxonalarni, binolarni va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish loyihalari yuzasidan;

qurilish uchun yer uchastkalari berish, xo‘jalik va maishiy maqsadlarda suvdan foydalanish joylarini hamda oqova suvlar tozalanganidan keyin ularni tushirib yuborish shartlarini aniqlash, zaharli, kimyoviy, radioaktiv moddalarni va boshqa moddalarni utilizatsiya qilish hamda ko‘mib tashlash masalalari bo‘yicha;

inshootlarning, turar joylarning, davolash-profilaktika, ta’lim, madaniyat, sport muassasalarining va boshqa muassasalarning, ishlab chiqarish binolari hamda sanitariya-maishiy binolarning, shuningdek uskunalarning, transport vositalarining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqligi to‘g‘risida;

ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning o‘quv yuklamasi va mashg‘ulotlarining namunaviy tartibi to‘g‘risida taqdim etiladigan takliflar bo‘yicha xulosalar berish;

g) sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari bajarilishini nazorat qilish maqsadida yuridik shaxslarning va yakka tartibdagi tadbirkorlarning obyektlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kirish;

d) ish beruvchilardan:

sanitariya qoidalarini, normalarini va gigiyena normativlarini, epidemiyaga qarshi tartibni muntazam ravishda bajarmayotgan hamda yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishi xavfini tug‘diruvchi shaxslarni ishlab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlarini va bajariladigan ishlarning xususiyatini hisobga olgan holda ishdan chetlashtirishni;

sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazilishini talab qilish;

e) oziq-ovqat mahsulotlarini, buyumlar, predmetlar va materiallarni sanitariya-gigiyena ekspertizasi, laboratoriya tekshiruvlari uchun olish, bevosita obyektlarning o‘zida zarur laboratoriya va jihozlar vositasida tekshiruvlar o‘tkazish;

j) davlat sanitariya nazoratini amalga oshirishga vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning mutaxassislarini, shuningdek jamoatchilik vakillarini belgilangan tartibda jalb etish.

Aholining sanitariya-epedimiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar bosh davlat sanitariya vrachlariga, ularning o‘rinbosarlariga, ushbu Qonun 8-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisida va ikkinchi qismida ko‘rsatilgan tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlariga o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlar beriladi:

sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga javob bermaydigan yer uchastkalari ajratish, uy-joy, jamoat, ishlab chiqarish obyektlarini va boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirishga doir loyihaoldi hamda loyiha hujjatlarini rad etish;

sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari buzilishlari bartaraf etilguniga qadar, ishlab turgan inshootlardan, turar joylardan, ishlab chiqarish obyektlaridan, madaniy-maishiy binolardan foydalanishni, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalarining, ta’lim, davolash-profilaktika, sanatoriy-kurort muassasalarining va boshqa muassasalarning faoliyatini to‘xtatib turish, uskunalarni, asboblarni ishlatishni, transport vositalaridan foydalanishni taqiqlash;

sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari buzilgan hollarda aholi punktlari, binolar va inshootlar qurilishini, rekonstruksiya qilinishini hamda mazkur obyektlarda ishlarning ayrim turlari bajarilishini to‘xtatib turish;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki odamlarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli deb topilgan yangi xom ashyo turlari, kimyoviy vositalar, texnologiya uskunalari, jarayonlari hamda asboblari, oziq-ovqat xom ashyosi va oziq-ovqat mahsulotlari, sanoat buyumlari, qurilish materiallari, ionlashtiruvchi nurlanish manbalari, biologik vositalar, oziq-ovqat xom ashyosiga, oziq-ovqat mahsulotlariga hamda dori vositalariga ishlatiladigan idishlar, plastik, polimer materiallar va boshqa materiallar, ulardan tayyorlangan buyumlar hamda boshqa xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarilishini, qo‘llanilishini va realizatsiya qilinishini taqiqlash;

odamlarning sog‘lig‘iga zararli ta’sir paydo bo‘lgan taqdirda, xo‘jalik va ichimlik suvi bilan ta’minlash amaliyotida, oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi ekinlari hamda chorvaning rivojini tezlashtiruvchi va tartibga soluvchi vositalarni, pestitsidlar, atir-upa hamda pardoz mahsulotlarini ishlab chiqish va ularni qayta ishlashda foydalaniladigan kimyoviy moddalar, vosita va usullarning, bu moddalar, vosita va usullarning xavfsizligi to‘g‘risida ishlab chiquvchi ilmiy jihatdan asoslangan ma’lumotlar taqdim etguniga qadar, qo‘llanilishini taqiqlash;

xo‘jalik va ichimlik suvi ta’minoti uchun qo‘llashga yaroqsiz deb topilgan suvdan foydalanishni taqiqlash;

yuqumli va parazitar kasalliklar manbai bo‘lgan, shuningdek tibbiy ko‘riklardan o‘z vaqtida o‘tmagan shaxslarni vaqtincha ishdan chetlashtirish to‘g‘risida ish beruvchilarga takliflar kiritish;

favqulodda vaziyatlarning, epidemiyalarning hamda aholi hayotiga va sog‘lig‘iga boshqa haqiqiy xavfning oldini olish maqsadida tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash.

Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

13-modda. Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning majburiyatlari

Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar:

davlat organlari va boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi ta’minlanishi ustidan belgilangan tartibda nazorat olib borishi;

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlarining oldini olishi, ularni aniqlashi va bartaraf etishi;

aniqlangan xavflar to‘g‘risida aholini o‘z vaqtida xabardor qilishi;

yuqumli kasalliklarning va yuqumli bo‘lmagan ommaviy kasalliklarning paydo bo‘lishi, tarqalishi sabablari hamda shart-sharoitlarini aniqlashi;

jismoniy va yuridik shaxslarning aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqishi hamda tegishli chora-tadbirlar ko‘rishi;

sanitariya-epidemiologik vaziyat hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida yuridik va jismoniy shaxslarni xabardor qilishi shart.

Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

14-modda. Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari:

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;

sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashadi;

tegishli hududda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi tadbirlarning amalga oshirilishi, hovli va uy atrofi hududlaridagi qurilishlar hamda hovli va uy atrofi hududlarini saqlash qoidalariga rioya etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;

obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida tegishli hududda yashovchilarning ixtiyoriy asosda ishtirok etishini tashkil etadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.

Nodavlat notijorat tashkilotlari aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa organlarga ko‘maklashishi hamda zarur yordam ko‘rsatishi mumkin.

3-bob. Yuridik va jismoniy shaxslarning aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi huquq va majburiyatlari

15-modda. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning aholining sanitariya- epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi huquqlari

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar:

davlat boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, shuningdek davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlardan sanitariya-epidemiologik vaziyat hamda insonning yashash muhiti holati to‘g‘risida axborot olish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish;

fuqarolar, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi oqibatida, shuningdek sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish paytida o‘zlarining mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘liq hajmda qoplanishi;

davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organlarga yoki mansabdor shaxslarga yoxud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

16-modda. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning aholining sanitariya- epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi majburiyatlari

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar:

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shuningdek davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning qarorlari va ko‘rsatmalari talablarini bajarishi;

yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo‘lgan taqdirda ularni bartaraf etish maqsadida sanitariya-gigiyena tadbirlarini va epidemiyaga qarshi tadbirlarni ishlab chiqishi hamda amalga oshirishi;

ishlab chiqarish, tashish, saqlash hamda aholiga realizatsiya qilish paytida mahsulotning, shuningdek bajarilayotgan ishlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning xavfsizligini ta’minlashi;

mahsulotni ishlab chiqarish, tashish, saqlash va aholiga realizatsiya qilish, ishlarni bajarish hamda xizmatlarni ko‘rsatish paytida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi;

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga tahdid soluvchi avariya vaziyatlari, texnologik jarayonlarning buzilishlari to‘g‘risida mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlarga ishonchli axborot taqdim etishi shart.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

17-modda. Fuqarolarning aholining sanitariya- epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi huquq va majburiyatlari

Fuqarolar:

qulay yashash muhiti;

davlat boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, shuningdek davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlardan sanitariya-epidemiologik vaziyat va insonning yashash muhiti holati to‘g‘risida axborot olish;

yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan mahsulotning, shuningdek bajarilayotgan ishlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning xavfsizligi hamda sifati to‘g‘risida axborot olish;

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish;

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlari oqibatida o‘z sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi huquqiga ega.

Fuqarolar aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi hamda boshqa fuqarolarning sog‘liqni saqlash va qulay yashash muhitiga bo‘lgan huquqlari buzilishiga sabab bo‘luvchi harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

4-bob. Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga doir talablar

18-modda. Normativ-texnik hujjatlarni ishlab chiqishga doir talablar

Normativ-texnik hujjatlarni ishlab chiqayotgan yuridik va jismoniy shaxslar aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi shart.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar yangi kimyoviy moddalar va biologik vositalarni, ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini hamda tarkibida shu manbalar mavjud bo‘lgan priborlarni, materiallarni, texnologik jarayonlarni, uskunalarni, atir-upa va pardoz mahsulotlarini hamda boshqa xalq iste’moli tovarlarini joriy etishdan oldin aholining sanitariya-epidemik xavfsizligini ta’minlashga doir normativlar bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni, ushbu normativlarga rioya etilishi ustidan nazorat qilish uslublarini, zararli mahsulot va chiqindilarni zararsizlantirish, utilizatsiya qilish usullarini ishlab chiqib, ularni kelishib olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachiga taqdim etishi shart.

19-modda. Ob’ektlarni rejalashtirish, loyihalashtirish va qurishga, korxonalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga hamda ishga tushirishga doir talablar

Yuridik va jismoniy shaxslar obyektlarni rejalashtirish, loyihalashtirish va qurish, korxonalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda ishga tushirish paytida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi shart.

20-modda. Hududlarni, inshootlarni, binolarni saqlashga, uskunalar va transport vositalaridan foydalanishga doir talablar

Yuridik va jismoniy shaxslar hududlarning, inshootlarning, davolash-profilaktika, ta’lim, madaniyat, sport muassasalari hamda boshqa muassasalar binolarining saqlanishini, shuningdek uskunalardan, transport vositalaridan foydalanilishini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq ta’minlashi shart.

21-modda. Kimyoviy moddalarni, biologik vositalarni va materiallarni tashish, saqlash, qo‘llash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish hamda ko‘mib tashlash paytidagi talablar

Yuridik va jismoniy shaxslar kimyoviy moddalarni, biologik vositalarni va materiallarni tashish, saqlash, qo‘llash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish hamda ko‘mib tashlash paytida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi shart.

Yangi kimyoviy moddalarni, biologik vositalar va materiallarni, polimer va plastik massalarni, atir-upa hamda pardoz mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishga va ishlab chiqarishga faqat toksikologiya-gigiyena jihatidan baholangandan keyingina O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining ruxsatnomasi bilan yo‘l qo‘yiladi.

22-modda. Radioaktiv moddalar va boshqa ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan ishlash paytidagi talablar

Yuridik va jismoniy shaxslar radioaktiv moddalarni hamda boshqa ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini qazib olish, ishlab chiqarish, hosil qilish, qayta ishlash, ulardan foydalanish, ularni saqlash, ularga xizmat ko‘rsatish, ularni tashish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish va ko‘mib tashlash paytida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi shart.

23-modda. Turar joylarga ko‘chib kirishga va ulardan foydalanishga doir talablar

Davlat tashkilotlari va boshqa mulkdorlar tomonidan berilayotgan turar joylar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga javob bermaydigan turar joylarda fuqarolarning yashashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yashovchilar hovli, uy atrofi hududlarini saqlash va turar joylardan foydalanishning mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlangan qoidalarini bajarishi shart.

24-modda. Oziq-ovqat xom ashyosiga, oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarishga, tashishga, saqlashga va realizatsiya qilishga doir talablar

Oziq-ovqat xom ashyosini, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi shart.

Yangi oziq-ovqat qo‘shimchalarini, maxsus qo‘shiladigan biologik faol moddalarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishga va ishlab chiqarishga faqat toksikologiya-gigiyena jihatidan baholangandan keyingina O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining ruxsatnomasi bilan yo‘l qo‘yiladi.

25-modda. Xorijdan olib kiriladigan mahsulotni yetkazib berish va realizatsiya qilish paytidagi talablar

Yuridik va jismoniy shaxslar xorijdan olib kirilayotgan texnologiyalarni, materiallarni, xom ashyoni va mahsulotni yetkazib berish, realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish paytida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi shart.

26-modda. Xo‘jalik va ichimlik suvi bilan ta’minlashga doir talablar

Xo‘jalik va ichimlik suvi bilan ta’minlash sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar yetkazib berilayotgan suvning sifati sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, shuningdek davlat standartlariga muvofiqligini ta’minlashi shart.

Markazlashtirilgan tartibda xo‘jalik va ichimlik suvi yetkazib beriladigan suv quvurlari hamda ularning manbalari uchun maxsus tartibli sanitariya muhofazasi zonalari belgilanib, ular mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi.

Yuridik va jismoniy shaxslar xo‘jalik va maishiy maqsadlar hamda markazlashtirilmagan tartibda suv bilan ta’minlash uchun foydalaniladigan suv havzalaridagi suvning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq bo‘lishini ta’minlashi shart.

27-modda. Ta’lim shart-sharoitlarini tartibga soluvchi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishiga doir talablar

Ta’lim muassasalarida tegishli sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi kerak.

28-modda. Mehnat sharoitlariga doir talablar

Ish beruvchilar ishlab chiqarish binolariga va sanitariya-maishiy binolarga, ishlab chiqarish jarayonlariga, texnologik uskunalarga, ish joylarining tashkil etilishiga, xodimlarning mehnat qilish, dam olish tartibiga hamda xodimlarga maishiy xizmat ko‘rsatilishiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etishi shart.

29-modda. Maxsus ekspertizalar o‘tkazish

Aholining va alohida shaxslarning sog‘lig‘i hamda kasallanish holatini maxsus ekspertiza qilishning sanitariya-gigiyenik turlari va boshqa turlari, shuningdek loyiha hujjatlarining, texnik hujjatlarning hamda boshqa hujjatlarning, uskunalarning, asboblar hamda apparatlarning, kimyoviy moddalarning, turli birikmalarning, materiallar va muhitlarning, oziq-ovqat xom ashyosi va oziq-ovqat mahsulotlarining, sanoat buyumlarining, radioaktiv materiallarning, radiatsiyaviy texnikaning ekspertizalari davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlar, sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalari, ilmiy-tadqiqot, oliy ta’lim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan buyurtmachining mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladi.

Maxsus ekspertizalarni o‘tkazish tartibi, buyurtmachilarning, ekspert muassasalarining hamda ekspertlarning huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.

5-bob. Sanitariya-gigiyena tadbirlarini va epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish hamda o‘tkazish

30-modda. Sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar

Sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

O‘zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi;

yuqumli va parazitar kasalliklar o‘choqlarida o‘tkaziladigan chora-tadbirlar;

profilaktik emlashlar o‘tkazish;

dezinfeksiya tadbirlari;

majburiy tibbiy ko‘riklar;

fuqarolarni gigiyenik o‘qitish va tarbiyalash.

Sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

31-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi

O‘zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi — bu aholi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli va parazitar kasalliklarning kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olishga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududiga inson uchun xavf tug‘diruvchi tovarlar, kimyoviy, biologik va radioaktiv moddalar hamda yuklar olib kirilishining oldini olishga qaratilgan tadbirlar majmuidir.

O‘zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi sanitariya-karantin nazoratini amalga oshirish va cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Sanitariya-karantin nazorati davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi tegishli organlar tomonidan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tish punktlarida amalga oshiriladi.

Yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar bosh davlat sanitariya vrachlarining, ular o‘rinbosarlarining taqdimnomasiga ko‘ra tegishli hududlarda yoki obyektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etishi mumkin.

Cheklovchi tadbirlar (karantin) o‘tkazish tartibi va muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlar bilan ham ta’minlanishi mumkin.

32-modda. Yuqumli va parazitar kasalliklar o‘choqlarida o‘tkaziladigan chora-tadbirlar

Yuqumli va parazitar kasalliklar o‘choqlarida davolash- profilaktika hamda sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalari tomonidan quyidagilarga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan tartibda o‘tkaziladi:

yuqumli va parazitar kasal deb gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash, ajratib qo‘yish va kasalxonaga yotqizishga, shuningdek ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishga va ularning tibbiy kuzatuvini olib borishga;

yuqumli va parazitar kasalliklarning yuqish yo‘llari va omillarini aniqlash hamda ularning insonga ta’sir ko‘rsatishining oldini olishga.

33-modda. Profilaktik emlashlar o‘tkazish

Profilaktik emlashlar yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishining oldini olish maqsadida o‘tkaziladi.

Profilaktik emlashlar Profilaktik emlashlarning milliy taqvimiga muvofiq, shuningdek epidemik ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘tkaziladi.

Profilaktik emlashlarning milliy taqvimi profilaktik emlashlardan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan shaxslar guruhini, bunday emlashlarni o‘tkazish tartibi va muddatlarini belgilaydi.

Profilaktik emlashlarning milliy taqvimi va epidemik ko‘rsatkichlar bo‘yicha profilaktik emlashlar o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlanadi.

34-modda. Dezinfeksiya tadbirlari

Yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishining oldini olish, ularning doirasini kamaytirish hamda ularni bartaraf etish maqsadida:

epidemik ko‘rsatkichlar bo‘yicha dezinfeksiya tadbirlari — davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlar tomonidan;

profilaktik dezinfeksiya tadbirlari — yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar asosida dezinfeksiya stansiyalari tomonidan o‘tkaziladi.

35-modda. Majburiy tibbiy ko‘riklar

Yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo‘lishining hamda tarqalishining oldini olish, shuningdek kasb faoliyatiga oid kasalliklarning oldini olish maqsadida bir qator kasb va ishlab chiqarish tarmoqlarining xodimlari ishga kirish paytida dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan hamda keyinchalik vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘riklardan o‘tib boradi.

Xodimlari majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblarning va ishlab chiqarishlarning ro‘yxati, bunday ko‘riklarni o‘tkazish tartibi va muddatlari oldindan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi xabardor qilingan holda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

36-modda. Fuqarolarni gigiyenik o‘qitish va tarbiyalash

Fuqarolarni gigiyenik o‘qitish va tarbiyalash ularning gigiyenaga, sog‘lom turmush tarziga, sog‘liqni saqlashga doir bilimlar, ko‘nikmalar hamda malakalarni egallashiga qaratiladi va kasalliklarning oldini olish maqsadida o‘tkaziladi.

Fuqarolarni gigiyenik o‘qitish va tarbiyalash belgilangan tartibda:

ta’lim muassasalarida;

faoliyati oziq-ovqat xom ashyosini, oziq-ovqat mahsulotlarini va ichimlik suvini ishlab chiqarish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish, bolalarni o‘qitish hamda tarbiyalash, aholiga kommunal va maishiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan kadrlarga ishlashga ijozat berish oldidan, ushbu kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish paytida o‘tkaziladi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

37-modda. Davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish bo‘yicha faoliyatga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi

Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlarning faoliyatiga aralashish, davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarga ularning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida qanday shaklda bo‘lmasin ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi.

38-modda. Nizolarni hal etish

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

39-modda. Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

40-modda. Ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:

1) O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 3-iyulda qabul qilingan «Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida»gi 657–XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 9, 355-modda);

2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 3-iyulda qabul qilingan «Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida»gi 658–XII-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 9, 356-modda);

3) O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 6-mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 70–I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 6, 118-modda) X bo‘limi;

4) O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 15 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 772–I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 124-modda)

V bo‘limi;

5) O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 125–II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 7–8, 217-modda) I bo‘limi;

6) O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrda qabul qilingan «Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–59-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda) 2-moddasi;

7) O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 3-sentabrda qabul qilingan «Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasiga va «Davlat statistikasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘RQ–253-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 9, 333-modda) 1-moddasi;

8) O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 30-aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–352-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 98-modda) 2-moddasi;

9) O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–373-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 9, 244-modda) 1-moddasi;

10) O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–381-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 12, 343-modda) 2-moddasi.

41-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlarining ushbu Qonunga zid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

42-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent shahri,
2015-yil 26-avgust
№O‘RQ—393